Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

08:55:04 (GMT +5), juma, 25 sentabr 2020

Uch pog‘onali transport yechimiga Prezident tashrif buyurdi

Qariyb ikki yil davomida bunyod etilgan megaloyiha – Toshkentning eng katta chorrahalaridan biri bo‘lgan Ohangaron va Parkent hamda Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog‘lovchi yangi uch pog‘onali transport yechimi foydalanishga topshirildi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda amalga oshirilgan bunyodkorliklar bilan tanishish jarayonida ushbu ob'yektga ham tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoning eng katta transport yechimi bo‘lgan ushbu loyiha qulayliklari va avtomobillar o‘tkazish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.  

- Poytaxtda yengil avtomobillar soni yanada ko‘payishi aniq. Shuning uchun ertangi kunni oldindan ko‘rib, ko‘chalarni kengaytirish, ko‘priklar qurish ishlarini davom ettirish kerak, - dedi Prezident.

So‘nggi paytlarda aholining kun sayin o‘sib borayotganini, Toshkentimizga sayyohlar va mehmonlar sonining bir necha barobar ortgani, avtotransportlar oqimining ko‘payib,  poytaxt yo‘liga tutash yo‘llarda katta-katta tirbandliklar bo‘layotgani jamoat transporti tizimini yanada konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqish masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur masalani hozirgi holatini real tahlil qilib hamda uzoq kelajakni ko‘zlab, Toshkent shahri va shahar atrofida transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish yo‘llarini  ko‘rsatib bergan edi. Unga ko‘ra Toshkent shahrining eng katta chorrahalaridan birida yangi transport yechimi qurilishi belgilandi. E'tiborlisi ushbu mega loyihani amalga oshirish “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi jamoasiga ishonib topshirildi. Quruvchilar ushbu loyihani 2018 yilning may oyidan boshlab yuborishdi.

Poytaxtimizning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylanishi kutilgan mazkur ob'yekt bitishini ko‘pchilik katta qiziqish bilan kutgani rost. Albatta, buning o‘ziga xos sabablari ham bor edi. Gap shundaki, mazkur loyiha mamlakatimizdagi dastlabki uch pog‘onali transport yechimi hisoblanadi. Yana bir e'tiborli tomoni shuki, uning atrofida birorta ham svetoforlar bo‘lmaydi. Avtomobillar barcha yo‘nalishda to‘xtovsiz harakatni davom ettirishi tufayli tirbandliklarning oldi to‘liq olinadi. Ushbu transport yechimi “Ko‘prikqurilishloyiha” unitar korxonasi hamda “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra Ohangaron va Parkent ko‘chalari umumiy uzunligi  502 metr bo‘lgan tunnel uslubidagi yo‘l o‘tkazgich bilan bog‘landi. Tunnelning 133 metri yopiq bo‘lib, kengligi 26,7 metrni tashkil etadi. Ko‘prik osti balandligi esa 5,5 metr. Loyihaning ikkinchi pog‘onasida yer sathidan 1 metr balandlikda qurilgan 29 metr uzunlikdagi 2 ta yo‘l o‘tkazgich barpo etilishi bilan xalqasimon yo‘l harakati tashkil etildi. Uchinchi pog‘onasi esa Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog‘lovchi umumiy uzunligi 593 metr, kengligi 26 metr bo‘lgan yo‘l o‘tkazgichdir. Uning 411 metri estakada, 182 metri esa tayanch devorli qismdan iborat. Ushbu bunyodkorlikning e'tiborga molik jihatlaridan yana biri, bu yangicha uslubda tirgak devorlarini monolit uslubida qurilgani. Bu ob'yektning mustahkamligini hamda yaroqlilik muddatini oshirishga xizmat qiladi. Yo‘llarning uzoq muddat xizmat qilishi uchun asfalt maxsulotlarining sifati katta ahamiyatga ega. Shu maqsadda yo‘l o‘tkazgich va tunnel qatnov qismining yo‘l qoplamasini yotqizishda odatdagi asfalt-beton qorishmasi o‘rniga Germaniya texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan chaqiqtosh-mastikali polimer asfalt-beton hamda AQSh texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan sochma tolali armaturalangan asfalt-beton qorishmalarini uyg‘unlashtirgan holda birinchi bor qo‘llanildi. Bu esa ushbu yo‘llarning yaroqlilik muddatini yanada oshirib, noqulay ob-havo sharoitida ham transportlarni xavfsiz harakatlanish imkoniyatini yanada oshiradi.

Transport yechimining barcha avtomobil yo‘llariga hamda hudud atrofiga mamlakatimiz yo‘llarida hali qo‘llanilmagan zamonaviy, elektr energiyani tejaydigan, yoritish imkoniyati yuqori va ko‘rkam yoritkichlardan foydalanildi. Yo‘laklarga sifatli bruschatkalar yotqizilib, manzarali ko‘chatlar, anvoyi gullar ekildi. Bir so‘z bilan aytganda bugun shahrimizning eng ko‘rkam hududlaridan biriga aylangan ushbu maskan kunduzi ham, tunda ham o‘ziga hos obod maskanga aylandi. Mazkur transport yechimi foydalanishga topshirilgach, tirbandliklar oldi to‘liq olinadi, avtomobil o‘tkazish imkoniyati esa soatiga 21 mingtaga yetadi.

Axborot-tahliliy media markazi
rasmlar prezident.uz saytidan olingan

 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish