Yo‘lovchilar diqqatiga!

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish yuzasidan bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yil 13 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyev rahbarliklarida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda “yashil” va “sariq” hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga qat'iy amal qilgan holda xizmat ko‘rsatish turlariga bosqichma-bosqich ruxsat berish mumkinligi belgilandi.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning Vaqtinchalik tartibi va unga ko‘ra joriy yil 18 may kunidan boshlab, karantin davrida, mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini amalga oshirish boshlanadi. Mazkur tartibga binoan, temir yo‘llarda Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga tezyurar poyezdlar qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga temir yo‘l qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yo‘lovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari so‘zsiz bajarilishi talab etiladi. Ushbu vaqtinchalik tartibga barcha yo‘lovchilar to‘liq rioya qilishlari shart!


Eslatib o‘tamiz, poyezdlarga chiqishdan oldin yo‘lovchilar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazi tomonidan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olinganiga 120 soatdan ko‘p bo‘lmagan va tahlil natijasi “manfiy” ekanligi haqidagi ma'lumotnomaga ega bo‘lishlari kerak. Temir yo‘l vokzallari hududiga hamda temir yo‘l transportlariga kirganda barcha yo‘lovchilar bir martalik himoya niqoblari va qo‘lqoplarda bo‘lishlari, temir yo‘l vokzallarida ijtimoiy masofani saqlashlari hamda yo‘naltiruvchi maxsus tasmalar bo‘ylab harakatlanishlari shart. Yo‘lovchilar poyezd vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtiriladi.

Poyezdlarga  elektron chiptalar onlayn tarzda sotiladi. Elektron chipta olish imkoniyati bo‘lmagan yo‘lovchilar, o‘rnatilgan tartibda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgandan so‘ng, temir yo‘l vokzallari kassalaridan chipta olishlari mumkin bo‘ladi. Chipta olgan yo‘lovchilar tomonidan yo‘lovchilar so‘rovnomasi (marshrut varag‘i) to‘ldiriladi.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI