Yo‘lovchilarni tashishga oid vaqtinchalik tartibi va reyslar to‘g‘risida

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning Vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi va unga ko‘ra joriy yil 18 may kunidan boshlab, karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini amalga oshirish boshlanadi. Mazkur tartibga binoan, temir yo‘llarda Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga temir yo‘l qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yo‘lovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari so‘zsiz bajarilishi talab etiladi. Shuningdek, poyezdlarga chiqayotgan yo‘lovchilar uchun muhim shartlardan biri – Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazi tomonidan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olinganiga 120 soatdan ko‘p bo‘lmagan va tahlil natijasi “manfiy” ekanligi haqidagi ma'lumotnomaga ega bo‘lishlari kerak. Temir yo‘l vokzallari hududiga hamda temir yo‘l transportiga kirganda, barcha yo‘lovchilar bir martalik tibbiy himoya niqoblari va qo‘lqoplarda bo‘lishlari, temir yo‘l vokzallarida ijtimoiy masofani saqlashlari hamda yo‘naltiruvchi maxsus tasmalar bo‘ylab harakatlanishlari shart. Yo‘lovchilar poyezd vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtiriladi.

Poyezdlarga elektron chiptalar onlayn tarzda sotiladi. Elektron chipta olish imkoniyati bo‘lmagan yo‘lovchilar, o‘rnatilgan tartibda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilganidan so‘ng temir yo‘l vokzali kassalaridan chipta rasmiylashtirishlari mumkin. Chipta olgan yo‘lovchilar tomonidan yo‘lovchilar so‘rovnomasi (marshrut varag‘i) to‘ldiriladi.

 

2020 yil 18 may kuni soat 07:00 dan Toshkent – Navoiy – Buxoro yo‘nalishida №762-sonli yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob”  poyezd  "Toshkent-Markaziy" temir yo‘l vokzalidan jo‘nab, o‘sha kuni soat 16:28 dan Buxoro – Navoiy – Toshkent yo‘nalishida №761-sonli yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi Toshkentga qaytadi.

2020 yil 18 may kuni soat 08:00 dan Toshkent – Qarshi yo‘nalishida №760-sonli yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezd "Toshkent-Markaziy" temir yo‘l vokzalidan jo'naydi va o‘sha kuni soat 17:58 dan Qarshi – Toshkent yo‘nalishida №759-sonli yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi Toshkentga qaytadi.

2020 yil 18 may kuni soat 08:05 dan "Toshkent-Janubiy" vokzalidan Toshkent – Andijon yo‘nalishida №60-sonli poyezd jo‘naydi va o‘sha kuni soat 15:33 dan Andijon – Toshkent yo‘nalishida №59-sonli tezyurar yo‘lovchi poyezd Toshkentga kirib keladi.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ

Faylni yuklab olish
doc
Faylni yuklab olish
doc
0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI