Buxoro viloyati: Zarar yetkazilgan ob'yektlarga ko‘mak va yordam

Ma'lumki, joriy yilning 27 aprel kuni Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tgan kuchli shamol va yomg‘ir oqibatida ijtimoiy soha ob'ektlari va qator turar-joy massivlari jiddiy zarar ko‘rgan. Mamlakatimizning ko‘plab tashkilotlari va korxonalari qatorida "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJga qarashli Toshkent, Qarshi, Qo‘qon, Buxoro va Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzellarining tarkibiy bo‘linmalari xodimlari Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarida ham ta'mirlash ishlarida faol ishtirok etmoqda.

1340 nafardan ortiq ishchi-xizmatchilar, shu jumladan, boshqaruv tarkibidan tashkil topgan shtab guruhi katta zarar yetkazilgan 15 ta ob'yektni tiklanish ishlarida salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Asosiy ishlar zarar ko‘rgan infratuzilma va aholi yashash uylarning yaroqsiz holga kelgan tom qismlarni demontaj qilish, shuningdek, tom qismni to‘liq tiklash bo‘yicha amalga oshirilmoqda.

– Bizning ish shtabimizga biriktirilgan ob'yektlarning bugungi kungacha tom qismlarni ta’mirlashda jami  34360 metr kvadratda 17896 dona shifer qo‘yildi, 5962,5 metr stropila, 17434 metr reyka va yog‘ochli ustunlar o‘rnatildi, 3949 metr kvadrat profnastil yangilangan va 600 metr kvadrat  polizol va bitum bilan qoplandi, – deydi Qarshi vagon deposining ishlab chiqarish bo‘limi muhandis-quruvchi Shahboz Jo‘raev. – Bundan tashqari, bizning ishchi-xodimlarimiz aholi istiqomat qiladigan uy-joylarning hovlisida shikastlangan devorlarni ham qurish va ta’mir ishlarini bajarmoqda.

  

Quvonarlisi, mazkur ishlarda faollik ko‘rsatayotgan ishchilarga aholi har kuni minnatdorchilik so‘zlarini izhor etmoqda. Qisqa vaqt ichida muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Olot tumanidagi 18-maktab direktori ham ko‘rsatilayotgan yordam uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

– Tabiiy ofat maktabimizning tom qismiga sezilarli zarar yetkazdi, – deydi Ilhom Qodirov, mazkur maktab direktori. – Binoning tom qismini tiklash va uni mustahkamlash ishlari bizga juda katta yordam bo‘ldi. Bundan tashqari, maktab binosining kirish qismidagi shiftiga ham zarar yetkazilgan va o‘sha joy ham tez va puxta etib tiklandi. Shuningdek, maktabning sportzalining 300 kvadrat metrli tom qismi ham to‘liq ta'mirlandi. Shunday tezkor yordam uchun cheksiz minnatdormiz, chunki aprel-may oylarida odatda ancha yog‘mgarchiliklar bo‘ladi. Beg‘araz yordam va faol ishirok etilganligi va fidokorona munosabat uchun barchangizga rahmat!

Ta'kidlash joizki, mazkur xayriya ishlarda ishtirok etayotgan ishchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Kuniga uch mahal issiq ovqat tashkil etilmoqda. Har bir temiryo‘lchining salomatligi nazorat ostida, shu jumladan, koronovrus COVID-19 ni aniqlash uchun muntazam ravishda testlar o‘tkazilmoqda. Quruvchilarning himoyasi uchun barcha zarur chora-tadbirlar qat'iy amalga oshirilmoqda. Ularning barchasi ishchi kiyimi va shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlangan.

  

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI