"O'zbekiston temir yullari" AJning tashkil topganiga 25 yil bo'ldi

Bugun Markaziy temiryo'lchilar madaniyat saroyida "O'zbekiston temir yo'llari" aktsiyadorlik jamiyati tashkil topganligining 25 yilligiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.

Tantanali marosimda boshqarma boshliqlari, tarkibiy bo'linmalarning rahbar va vakillari, yetakchi soha mutaxassislari, taklif etilgan faxriy temiryo'lchilar, ishchi-xizmatchilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

“O'zbekiston temir yo'llari” AJ boshqaruv raisi Xasilov X.N Bosh vazir birinchi urinbosari - Transport vaziri – Ramatov A.J, jamiyat raxbariyati hammanida o'z nomidan  samimiy muborakbod etib, o'tgan davr mobaynida temir yo'l sohasi munosib tarixiy rivojlanish yo'lini bosib o'tganligi va bugungi kunda jadal taraqqiy etayotganini alohida qayd etdi.

Mamlakatimiz tarixidagi bunyodkorliklar – “Uchquduq – Miskin – Sulton-Uvaystog'”, “Toshguzar – Boysun – Qumqo'rg'on”, “Hayraton – Mozori-Sharif” temir yo'l liniyalarining barpo etilishi, Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi qatnovining yo'lga qo'yilishi, “Maroqand – Qarshi”, “Qarshi – Termiz” temir yo'l uchastkalarining elektrlashtirilishi, “Angren – Pop” elektrlashtirilgan temir yo'l liniyasining bunyod etilishi, o'nlab temir yo'l vokzallarining qayta ta'mirlanishi va yangidan qurilishi, sanoat korxonalarining ishlab chiqarish salohiyatini ortishi, harakatdagi tarkib – lokomotiv hamda vagon parklarining saqlanishi va yangilanishidek tarixiy ishlar mana shu yillar silsilasida amalga oshirildi. Sohamiz erishgan ana shu yutuqlari tufayli mamlakatimizning barcha hududlarini ishonchli va samarali bog'laydigan, xalqaro transport tarmoqlariga chiqishni ta'minlaydigan, mustaqil, yagona va yaxlit temir yo'l transporti kommunikatsiyalari tizimi barpo etildi.

Hozirda mamlakatimiz bo'yicha yuklarning 60 foizdan ziyodi, yo'lovchilarning esa 75 foizdan ortig'i temir yo'l transporti orqali tashilayotganligining o'zi temir yo'l sohasining mamlakatimiz iqtisodiyoti va hayotida qay darajada o'rin tutishini bildiradi. Temiryo'lchilarimiz tomonidan mustaqillik yillarida 1500 kilometrdan ortiq yangi temir yo'llar barpo etilgani, 3800 kilometr temir yo'llar modernizatsiya va reabilitatsiya qilindi, ming kilometrdan ortiq temir yo'l liniyalari elektrlashtirilgani e'tirofga loyiqdir.

Bugungi kunda yurtimiz Prezidenti boshchiligida olib borilayotgan izchil islohotlar tufayli O'zbekiston temir yo'llarining mahalliy va xalqaro tashuvlar tizimidagi roli yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Bugungi kunda sohada tom ma'noda keng qamrovli ishlar, istiqbolli yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Sanoat korxonalari zamon talabiga mos texnologiyalar bilan jihozlanib, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshiruvchi mahsulotlar ishlab chiqarishda o'z samarasini bermoqda. 

Ko'mir sanoatini yanada rivojlantirish bo'yicha korxonalarni texnik jihatdan qayta jihozlash, modernizatsiya qilish, kon ishlarining samaradorligini oshirish va resurslarni tejashga qaratilgan yangi, progressiv texnologiyalarni joriy etish ishlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Toshkent metropoliteni rivojini yanada yuqori darajaga ko'tarish maqsadida qabul qilingan qator muhim qaror va farmoyishlar asosida Toshkent metropolitenining Yunusobod yo'nalishi ikkinchi bosqichi, Sergeli yo'nalishi qurilishi, Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan yer usti halqa metro liniyasinining qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda.

“O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tashkil etilgan kundan buyon yuk tashish hajmi 65 foizga, yuk aylanmasi 22 foizga oshgani jamoamizning fidokorona mehnati orqali amalga oshirilgan ishlar salmog'i naqadar katta ekanidan dalolat beradi. 

Bugun bizlarning oldimizda xalqimizning yuk va yo'lovchi tashishga bo'lgan ehtiyojini to'liq qondirish bilan bir qatorda, hududlarning iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, boy mineral-xom ashyo resurslarini kompleks o'zlashtirish, yangi ish o'rinlarini tashkil etish va fuqarolarimizning bandligini ta'minlash, tarmoq korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlash, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ko'mir mahsulotlariga tobora o'sib borayotgan ehtiyojini to'liq qondirishga yo'naltirilgan investitsiyaviy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish kabi muhim ustivor vazifalar turibdi.

Ishonchimiz komilki, 90 mingdan ortiq yuqori malakali muhandis-texnik xodimlarni, mutaxassislarni, temiryo'lchilarni, mashinistlarni, ishlab chiqarish, loyihalash va qurilish korxonalari, ijtimoiy infratuzilma ob'ektlarining ishchi va xizmatchilarini birlashtirgan mehnat jamoasi, hech shubhasiz, bu vazifalarning mohiyatini chuqur his etadi va bu yo'lda bilim, malaka va kuch-g'ayratini ayamaydi.

Tantanali tadbir sungida estrada xonandalari ishtirokida bayram kontserti taqdim etildi.

Axborot-taxliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI