Temir yo'llar hamkorlik tashkiloti Vazirlar Kengashining 47-sessiyasining bo'lib o'tganligi to'g'risida

Toshkent shahrida Temir yo'l hamkorlik tashkiloti Vazirlar Kengashining 47-sessiyasi bo'lib o'tdi. 


Xalqaro forumda xalqaro tashkilotga а'zo davlatlarning transport vazirlari va temir yo'l rahbarlari, jumladan, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldova, Litva, Latviya, Estoniya, Gruziya, Ozarbayjon, Polsha, Chexiya, Slovakiya, Bolgariya, Vengriya, Eron, Xitoy, Mo'g'uliston, Vetnam, Shimoliy va Janubiy Koreya ishtirok etdi. Shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi, Xalqaro temir yo'l transporti bo'yicha hukumatlararo tashkilot, Xalqaro temir yo'l transporti qo'mitasi, Xalqaro transport forumi va "PLASKE" AJ ning biriktirilgan korxonalari ham ishtirok etgan edi.

Joriy sessiya kun tartibidan o’rin olgan 14 ta masala ko'rib chiqildi. Jumladan, Тemir yo'llar hamkorlik tashkiloti a'zosi bo'lgan Janubiy Koreya Respublikasini xalqaro temir yo'l yuk  va yo'lovchilarni xalqaro tashish to'g'risidagi bitimlari doirasida komissiyalar tarkibiga kiritish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, 2018 yilda tashkilot faoliyatining sarhisobi muhokama qilindi. Bundan tashqari, Yevropa – Osiyo transport yo'laklarida qo'shma tashishlarning tashkiliy va operatsion jihatlari to'g'risidagi bitimga o'zgartirish kiritish bo'yicha takliflar o'rganildi. "Yevropa mintaqasi va Yevroosiyoning transport koridorlarida yagona temir yo'l huquqi yo'lida" loyihasi ustida ish olib borish bo'yicha Temir yo'l hamkorlik tashkiloti tegishli qo'mitasining axboroti, to'g'ridan-to'g'ri xalqaro temir yo'l aloqasi to'g'risidagi Konvensiya loyihasi matnini qabul qilish bo'yicha xalqaro konferensiya masalalari, hamda joriy yilgi byudjeti tasdiqlanib 2020 yilga mo'ljallangan dastlabki byudjet loyihasi ko'rib chiqildi.

Sessiyada "O'zbekiston temir yo'llari"AJ ma'muriyati faoliyati ham qayd etildi. Masalan, bugungi kunda "O'zbekiston temir yo'llari"AJ yagona tarmoqqa birlashtirilgani va uning umumiy uzunligi qariyb 7,5 ming kilometrni tashkil etgani qayd etildi. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda 2,5 ming kilometrdan ortiq yangi temir yo'llar barpo etildi, 1,1 ming kilometrdan ko'proq temir yo'l rekonstruksiya qilindi, 2,7 ming kilometrdan ziyod temir yo'l to'liq elektrlashtirildi. Xususan, keyingi yillarda elektrlashtirilgan "Maroqand – Qarshi", "Qo'qon – Marg'ilon – Andijon", "Q'arshi – Termiz" temir yo'l liniyalari ushbu yo'nalishlar bo'yicha sifatli tashishlarni amalga oshirish, hududdagi xarajatlarni qisqartirish va ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qilmoqda. Temir yo'l transporti tizimida amalga oshirilayotgan o'zgarishlar va kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiyasi xozirgi kunda O'zbekiston temir yollarida zamonaviy elektropoyezdlar tezlikni soatiga 250 kilometrgacha oshirish imkoniyatiga ega.

Istiqbolli loyihalarni hayotga izchil tatbiq etish xalqaro aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmilishi ham bo'lib o'tgan uchrashuvda qayd etildi. Xususan, mamlakatimizda temir yo'llarni modernizatsiya qilish, yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish va yuk tashish tariflarini optimallashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak baholandi. Temir yo'l hamkorlik Tashkilotining 47-sessiyasi yakunida protokol imzolandi.
 
Ma'lumot uchun: Temir yo'l hamkorlik tashkiloti 1956 yilda tashkil etilgan va uning a'zolari 29 davlat hisoblanadi. Vazirlar Kengashining birinchi sessiyasi 1956 yilda Bolgariya poytaxti Sofiyada bo'lib o'tdi. Navbatdagi 48-sessiyasi – 2020 yilda Vengriya, 49-sessiyasi – 2021yilda Xitoy, 50-sessiyasi – 2022 yilda Ruminiya va 51-sessiyasi – 2023 yilda Janubiy Koreyada bo’lib o’tadi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI