“Salomatlik” poyezdi navbatdagi safarini amalga oshirdi
Ma‘lumki, har yili an'anaviy tarzda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda “Sog'lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamkorlikda respublikamizning chekka hududlariga “Salomatlik" tibbiy-sanitariya yordami poyezdi tashkil etilib, bir guruh malakali shifokorlar ishtirokida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Joriy yilning 19-27 mart kunlari navbatdagi “Salomatlik" poyezdi Navoiy viloyatining chekka tumanlarida yashovchi aholiga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatdi. Malakali shifokorlar bilan birga fondning Navoiy viloyati ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari hamkorlikda faoliyat olib bordi. Poyezd “Tinchlik”, “Konimex”, “Qora-qata”, “Mustaqillik”, “Qizilquduq”, “Buzaubay” va “Uchquduq” stansiyalarida bo‘lib aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatdi. Safar davomida tibbiyot xodimlari markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar va tug'ruq komplekslari, ko‘zi ojiz, aqli zaif, kar-soqov bolalar maxsus maktab-internatlarida ham bo‘lishdi.
Tibbiy ko‘rik davomida laboratoriya tahlillariga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda aniq tashxislar qo‘yildi. Shu bilan birga kardiolog, terapevt, pediatr, oftalmolog, akusher-ginekolog, urolog, travmatolog va nevropatolog kabi mutaxassislardan iborat guruh aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Ta'kidlash lozim, o‘tgan yili “Salomatlik" poyezdi mutaxassislari 5 ming 586 nafar kishini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI