Sarhisob: vazifa va maqsadlar

    “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati majlislar zalida 2018 yil 9 oyi davomida tizimda amalga oshirilgan ishlar, galdagi rejalar,  yutuq va kamchiliklarga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlis bo‘lib o‘tdi. Unda boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari, korxona va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

                                         

     

    Kun tartibidagi dastlabki masala yuzasidan Tashishlarni tashkil etish boshqarmasi import-eksport ko‘rsatkichlari, tashishlar borasida yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi. Ta’kidlandiki, o‘tgan 9 oy davomida stansiyalar tomonidan jami 50 million 800 ming tonna yuk tashilgan, yuk aylanmasi 22,9 milliard tonna kilometrni tashkil etgan. Yo‘lovchi tashish borasida belgilangan reja 107,5 foizga bajarilgan va 16 million 200 ming kishi o‘z manziliga etkazilgan. Mintaqaviy temir yo‘l uzellaridagi yuk tashish borasida amalga oshirilgan ishlar monitoring natijalariga ko‘ra, eng ko‘p yuk Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli tomonidan tashilgan bo‘lib, 19,2 million tonnani tashkil etdi.

     Majlisda mehnat muhofazasi, texnika va sanoat xavfsizligi bo‘yicha olib borilgan ishlar xususida ham so‘z yuritildi. Qayd etildiki, bugungi  kungacha 475 nafar temiryo‘lchi ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘qitilgan, 14 mingdan ortiq taktik o‘quv mashg‘ulotlari olib borilgan.

     2018 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik haqidagi masala yig‘ilganlar diqqat e’tiborida bo‘ldi. Bu borada olib borilgan ishlar slaydlar orqali namoyish etildi. Shu kungacha tizimning mavsumga tayyorligi 89 foizni tashkil etishi, ushbu jarayonga jami 7 milliard 900 million so‘m yo‘naltirilgani qayd etildi.

                                          

   Sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ularning ko‘rsatkichlari, eksport imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Hisobotda tarmoqda o‘tgan yilga nisbatan mahsulot ishlab chiqarish hajmi 116 foizga etgani, mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar 2,3 foizga oshgani aytib o‘tildi. Vagonsozlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga ko‘ra, joriy yilda 1500 ta yuk vagoni ishlab chiqarish rejalashtirilgani, bu borada barcha imkoniyatlarni ishga solish kerakligi ta’kidlandi. Eksport xizmatlarini oshirish, yangi hamkorlarni izlab topish, bu borada yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

      Yig‘ilish so‘nggida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan eng muhim vazifalar belgilanib, uning ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.

Axborot xizmati

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI